BEKTEMIR-SPIRT EKSPERIMENTAL ZAVODI

CHET EL INVESTITSIYASI ISHTIROKIDAGI
"BEKTEMIR-SPIRT EKSPERIMENTAL ZAVODI" AKSIYADORLIK JAMIYATI

Alkogol’ mahsulotlarini organoleptik baholash qanday o‘tkaziladi

ALKOGOL’ MAHSULOTLARINI ORGANOLEPTIK BAHOLASh QANDAY O‘TKAZILADI

Vazirlar Mahkamasining 26.12.2019 yildagi 1039-son qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) huzuridagi Iste’mol etil spirti va alkogol’ mahsulotlari sifatini organoleptik baholash bo‘yicha respublika degustasiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika degustasiya komissiyasi) to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Komissiya, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, iste’mol etil spirti va alkogol’ mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda – tashkilotlar) tomonidan ishlab chiqariladigan iste’mol etil spirti va alkogol’ mahsulotlarining organoleptik sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash ishlarini olib boradi.

Ma’lumot uchun: organoleptik baholash – inson sezgi a’zolarining o‘rganilayotgan ob’ekt sifatidagi mahsulot xususiyatlariga bo‘lgan javob reaksiyasi, ya’ni inson sezgi a’zolari yordamida – ko‘rish, hid bilish, ta’m sezish, ushlab ko‘rish orqali mahsulot sifatini (hidi, ta’mi, rangi va boshqalarni) tekshirishdan iboratdir.

Komissiyani Agentlik tomonidan tayinlangan Rais boshqarishi belgilangan. Komissiya Agentlik direktori bilan kelishilgan holda rais tomonidan har 3 yilda vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan nomzodlar orasidan shakllantiriladi, xususan:

Agentlikdan (3 nafar vakil);
Moliya vazirligi huzuridagi alkogol’ va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (2 nafar vakil);
«O‘zstandart» agentligi (2 nafar vakil);
Sog‘liqni saqlash vazirligi (2 nafar vakil);
alkogol’ mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar (2 nafar vakil);
Toshkent kimyo-texnologiya instituti (2 nafar vakil).

Iste’mol etil spirti va alkogol’ mahsulotlar ishlab chiqarish tashkilotlarida kamida uch nafar a’zodan iborat bo‘lgan degustasiya guruhi tuziladi. Ushbu guruh Komissiyaning kamida 1 nafar vakili ishtirokida iste’mol etil spirti va alkogol’ ichimliklar namunalarini, ularni keyinchalik sifatini organoleptik baholashga taqdim qilish uchun tanlaydi.

Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

iste’mol etil spirti va alkogol’ mahsulotlarini, shuningdek qaytadan ishlab chiqarishga qo‘yilgan va tarkibi o‘zgartirilgan mahsulotlarning sifatini organoleptik baholash;
import va eksport qilinadigan, shuningdek eksportga, respublika va xalqaro ko‘rgazma-yarmarkalar va tanlovlarga namoyish etish uchun yetkazib beriladigan alkogol’ mahsulotlari sifatini organoleptik baholash;
nazorat qiluvchi organlar va iste’molchilar tomonidan taqdim etilgan etil spirti va alkogol’ mahsulotlarini, shuningdek iste’molchilar, nazorat qiluvchi organlar va tashkilotlar o‘rtasida mahsulot sifati bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda sifatini organoleptik baholash;
asosiy mahsulotlar, xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni degustasiya bahosi bo‘yicha yagona amaliyotni shakllantirish;
o‘rganish va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida mahsulot sifatini baholash bo‘yicha yig‘ilishlarga qatnashish;
tashkilotlarning degustasiya guruhlariga uslubiy yordam ko‘rsatish;
ekspertlarni xalqaro, mintaqaviy va boshqa mahsulot tanlovlarida ishtirok etishga tavsiya qilish;
mahsulotlar sifatini oshirish va ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonlarga rioya etishga yo‘naltirilgan degustasiya natijalari to‘g‘risida takliflarni ishlab chiqish.

Komissiya quyidagi huquqlarga ega:

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilib, degustasiyaga taqdim qilingan alkogol’ mahsulotlarini tahlil qilish;
xom ashyo sifati, vinochilik mahsulotlari, iste’mol etil spirti va alkogol’ ichimliklar ishlab chiqarishda kupajning tarkibi to‘g‘risida xulosa berish;
tajribaviy eksperimental mahsulotlar namunalarini va yangi nomdagi tasdiqlangan mahsulotlarni organoleptik baholashni amalga oshirish va tegishli qarorlar qabul qilish.

Komissiya quyidagilarga majburdir:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol’ va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasiga iste’mol etil spirti va alkogol’ mahsulotlari sifatini organoleptik baholash natijalari haqida xabar berishga;
alkogol’ mahsulotlari iste’molchilarini OAV orqali o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risida xabardor qilishga;
tashkilotlarga degustasiya natijalari bo‘yicha bayonnoma nusxasini taqdim etishga.

Komissiya faoliyatini tashkil etish sxemasi bu yerda.

Qaror Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan, Respublika degustasiya komissiyasi to‘g‘risidagi nizom 1.02.2020 yildan kuchga kiradi.

Anvar Irkaxodjaev.